Jamoatchilik kengashi

Jamoatchilik kengashi

 

Kengash kotibi:

Shamshiyev Abduvali

Telefon: +(99893) 245 19 57

Elektron pochta manzili: jspi_info@umail.uz

Qabul vaqti: Har kuni (09:00-12:00)

Universitet huzuridagi jamoatchilik kengashi universitetning jamoatchilik boshqaruvi organlaridan
biri hisoblanadi. Kengash yuridik shaxs (tashkilot) hisoblanmaydi. Kengash o’z faoliyatini jamoatchilik
asosida amalga oshiradi. Kengash o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga,
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va
farmoyishlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

Ta’lim jarayonida samarali jamoatchilik nazoratini joriy etish orqali professor-o’qituvchilar va
talabalar o’rtasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit sog’lomligini ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etishga
qaratilgan ishlar orqali oliy ta’lim muassasasining faoliyatini rivojlantirish, professor-o’qituvchilar
o’rtasida sog’lom raqobatni rivojlantirish, jamoatchilik asosida amalga oshiriladigan nazorat orqali ta’lim
sifati va ilmiy salohiyatning hamda ijodiy madaniyatning yangi bosqichga ko’tarilishiga ko’maklashish
Kengashning asosiy maqsadlari hisoblanadi. Kengash tarkibiga universitet talabalari, ota-onalar, Yoshlar
ittifoqining universitetdagi faollari, kadrlar buyurtmachilari, professor-o’qituvchilar hamda fuqarolik
jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, institut faoliyatiga ulkan hissa qo’shib kelayotgan jismoniy va
yuridik shaxslar vakillari kirishi mumkin. Kengashning tarkibi institut Kengashida tasdiqlanadi. Kengash
to’g’risidagi nizom O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining 2018-yil 28-iyuldagi
670-son buyrug’iga ilova qilingan Oliy ta’lim muassasasi huzuridagi jamoatchilik kengashi faoliyatini
tashkil etish tartibi to’g’risidagi Namunaviy nizom talablarini hisobga olgan holda Kengash tomonidan
tasdiqlanadi.

Kengashning vazifalari va vakolatlari:

Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • ta’lim sifati, professor-o’qituvchilarning bilimi va pedagogik mahorati, talabalarga yaratilgan
    shart-sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring o’rnatish;
  • universitetga professor-o’qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar bo’yicha tavsiyalar
    berish;
  • talabalarning murojaatlarini ko’rib chiqish, ularning pedagog kadrlar haqidagi fikrini to’liq o’rganish
    maqsadida ijtimoiy so’rovlar o’tkazish;
  • universitetdagi ta’lim jarayonini takomillashtirish bo’yicha takliflar tayyorlash va universitetning
    tegishli kengashi muhokamasiga kiritish.

Kengash o’ziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida:

  • o’quv ishlarini tasdiqlangan me’yoriy hujjatlar talablari asosida amalga oshirilishini o’rganish,
    akademik guruhlarini shakllantirishni, o’quv jarayoniga tegishli mashg’ulotlar jadvallari sifatini
    (aniqligini) nazorat qiladi;
  • dekanat va kafedralarda o’quv yuklamalarining me’yoriy talablar asosida, odilona taqsimot qilinishini,
    dars soatlari taqsimoti to’g’ri hisoblanishini o’rganadi;
  • professor-o’qituvchilar tomonidan o’quv mashg’ulotlari jadvaliga to’liq rioya etishi, o’quv
    mashg’ulotlarini ko’chirish, o’tkazmaslik (barbod qilish), darsga kech qolish, darslarni belgilangan
    vaqtidan erta tugatish hollarini o’rganadi, ularning sabablarini aniqlaydi, tahlil etadi hamda tegishli
    tavsiyalar beradi;
  • ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limi bilan hamkorlikda (fakultet) professor-o’qituvchilari tomonidan
    o’zaro darsga kirish, ochiq o’quv mashg’ulotlarini, muammoli darslarni tashkil etish rejalarining talab
    darajasida bajarilishini nazoratga oladi;
  • oraliq va yakuniy nazoratlar hamda yakuniy davlat attestatsiyalari jarayonida jamoatchilik nazoratini
    amalga oshiradi;
  • zaruriy hollarda tegishli mutaxassislar ishtirokida ishchi guruhlar tuzib, darsga xalaqit bermagan holda
    o’quv mashg’ulotlari sifatini o’rganadi, tavsiyalar beradi;
  • kafedralarda fanlardan o’quv mashg’ulotlarining zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil
    etilishi, kafedra filiallarida laboratoriya va amaliy mashg’ulotlarning o’tkazilishini tashkil etish,
    zaruriy qo’llanmalarning, elektron o’quv-uslubiy majmualarining yaratilishi, o’qitish tizimiga zamonaviy
    informatsion texnologiyalar, masofaviy o’qitish uslublarini qo’llash faoliyatini o’rganadi;
  • professor-o’qituvchilar va boshqa xodimlar hamda talabalar o’rtasida sog’lom ma’naviy muhitning
    mavjudligini o’rganadi va bu muhitning buzilishiga olib keluvchi sabablarni tahlil etadi, zaruriy
    tavsiyalar beradi;
  • ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo’yicha tadbirlar rejasini o’rganadi, tahlil qiladi va bu tadbirlarning
    o’quv jarayoniga xalaqit bermasligi, talabalarni o’quv mashg’ulotlaridan asossiz ravishda ozod qilib,
    turli tadbirlarga jalb etish sabablarini o’rganadi, xulosalar tayyorlaydi;
  • talabalarni (professor-o’qituvchilar va ishchi-xodimlarni) hasharlarga, universitet hududidagi turli
    xo’jalik ishlariga, (majburiy mehnatga) jalb etilishini nazorat qiladi va bu tadbirlar tufayli dars
    qoldirishlarga yo’l qo’ymaslik choralarini ko’radi;
  • professor-o’qituvchilar va boshqa xodimlarni ijtimoiy himoyalash va ularga mukofotlar belgilashda,
    (ularni vazirlik va davlat mukofotlariga tavsiya etishda, rag’batlantirishda) ijtimoiy adolat
    tamoyillariga rioya etilishi, mukofotlanishda shaxsning (professor-o’qituvchining, xodimning) o’z xizmat
    vazifalarini halol va vijdonan bajarilishini, jamoat ishlarida, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol
    ishtirokini hisobga olinishi kabi holatlarni nazorat qiladi;
  • universitet, professor-o’qituvchilar va talabalarning faoliyati (ishdan bo’shatilishi yoki talabalar
    safidan chiqarilishi) bilan bog’liq bo’lgan barcha turdagi yig’ilishlarda (tadbirlarda) ishtirok etish
    uchun o’z a’zolaridan vakil tayinlaydi;
  • faol talabalar (iqtidorli talaba-yoshlar) (fan olimpiadalari, sport musobaqalari, turli ko’rik-tanlovlar
    g’oliblari) va har jihatdan e’tirofga loyiq bo’lgan professor-o’qituvchilarni rag’batlantirish bo’yicha
    universitet rahbariyatiga tavsiyalar kiritadi;
  • talaba-yoshlarning talabalar turar joylaridagi, xususiy xonadonlardagi yashash sharoitlarini o’rganish,
    ularning shart-sharoitlarini yaxshilash bo’yicha universitet tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni
    nazorat qiladi, bu ishlarni yaxshilash bo’yicha tavsiyalar beradi;
  • talabalar orasida tartibbuzarlik, axloqsizlik, giyohvandlik, ichkilikbozlik kabi illatlar tarqalishining
    oldini olish va ota-onalar kengashi bilan hamkorlikda bu salbiy holatlarga qarshi faoliyat yuritish,
    nazorat etish (qilish), ahvolni yaxshilashga oid chora-tadbirlar ko’rish yuzasidan tavsiyalar beradi;
  • talaba-yoshlarning universitet hududida, yashash joylarida turli nojo’ya harakatlar qilmasligi, jamoat
    tartibiga, qonunchilikka rioya etishlarini o’rganadi, nazorat qiladi va tavsiyalar beradi;
  • talabalar uchun universitet hududida umumiy ovqatlanish joylaridagi xizmat va taomlarning sifati va
    narxini o’rganadi;
  • professor-o’qituvchilarga ilmiy faoliyat olib borish uchun sharoit yaratish, doktorlik dissertatsiyalari
    ustida ilmiy izlanishlar olib borayotganlarni ijtimoiy himoyalash, yil davomida faol ilmiy ish bilan
    shug’ullanib, yaxshi natijalarga erishganlarni mukofotlash, sust harakat qiluvchilarga chora ko’rish
    kabi ishlarni nazorat qiladi;
  • professor-o’qituvchilar tomonidan monografiyalar, darsliklar, o’quv qo’llanmalarni shartnoma asosida
    tayyorlanishini va ularga o’z vaqtida gonorarlar to’lanishini o’rganadi;
  • ta’lim, fan va ishlab chiqarish hamkorligida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari va ularning
    natijalarini tahlil qiladi va jamoatchilik nazoratini o’rnatadi;
  • talabalarni ilmiy faoliyatga jalb etilishi, xalqaro, respublika ilmiy anjumanlari, tanlovlari,
    ko’rgazmalari, fan olimpiadalarida qatnashishi kabi ishlarni tashkil etilishini o’rganadi va tavsiyalar
    beradi;
  • to’lov-shartnoma asosida ta’lim olayotgan talabalar tomonidan shartnoma talablarining o’z vaqtida
    bajarilishi, bu borada ota-onalarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan choralarni ko’radi;
  • talabalarga stipendiyalarning o’z vaqtida berilishini, stipendiyalardan noqonuniy ushlab qolish hamda
    turli maqsadlarda pul yig’ish kabi hollarning bo’lmasligini nazorat qiladi, shu (mazkur hollar) bo’yicha
    chora-tadbirlar belgilaydi;
  • professor-o’qituvchilar va boshqa xodimlar hamda talabalarni ijtimoiy himoya qilish, ularga moddiy
    yordam ko’rsatish kabi ishlarning borishini nazorat qiladi va bu borada tavsiyalar beradi;
  • byudjetdan tashqari mablag’lardan foydalanishning mavjud me’yoriy hujjatlar talablariga mosligini
    nazorat qiladi;
  • o’quv auditoriyalarining ahvoli, tozalik darajasi, dars o’tish sharoitlarini, auditoriyalarning kerakli
    anjomlar bilan ta’minlanganligini o’rganadi;

universitetga professor-o’qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar
bo’yicha tavsiyalar berishda:

  • professor-o’qituvchilarni ishga qabul qilish va attestatsiyadan o’tkazish jarayonida ishtirok etish va
    fikr bildirish uchun o’z a’zolaridan vakil tayinlaydi;
  • ishga qabul qilinayotgan professor-o’qituvchining sinov uchun o’tkaziladigan ochiq darsida ishtirok
    etish uchun o’z a’zolaridan vakil tayinlaydi;
  • ishga qabul qilinayotgan nomzodlar bo’yicha o’z fikr-mulohazalarini yozma ravishda bildiradi;

talabalarning murojaatlarini ko’rib chiqish, ularning pedagog kadrlar
(professor-o’qituvchilar, pedagoglar) haqidagi fikrini to’liq o’rganish maqsadida ijtimoiy so’rovlar
o’tkazishda:

  • jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini to’liq o’rganib chiqilishi hamda ularning asoslangan
    holda, to’laqonli ravishda qanoatlantirilishini nazorat qiladi;
  • talabalarning murojaatlarini ko’rib chiqish, ularning pedagog kadrlar (professor-o’qituvchilar,
    pedagoglar) haqidagi fikrini to’liq o’rganish maqsadida ijtimoiy so’rovlar o’tkazadi;
  • professor-o’qituvchilar tomonidan talabalar bilimini xolisona baholamaslik tamagirlik qilish kabi
    noqonuniy harakatlar sodir qilinishining oldini olish bo’yicha choralar belgilaydi, tavsiyalar beradi;
  • talabalarning o’quv mashg’ulotlariga qatnashishi, sababsiz dars qoldirishlar, darsga kechikish,
    darslardan sababsiz ketib qolish hollarining sabablarini o’rganadi, nazorat qiladi;
  • talabalarning fanlar bo’yicha baholanishida reyting to’g’risidagi nizom talablarining bajarilishini,
    baholash mezonlarini, tajribali o’qituvchilarning ish uslublarini o’rganadi va targ’ib etadi;

universitetdagi ta’lim jarayonini takomillashtirish bo’yicha takliflar tayyorlashda:

  • o’quv, ilmiy va tarbiyaviy ishlarni shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko’zlagan holda amalga
    oshirishga, shuningdek, talabalarning har tomonlama yetuk shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur
    sharoitlarni yaratishda universitetga ko’mak va tavsiyalar berish;.
  • universitetning sha’ni, obro’si va har jihatdan taraqqiy etishi (rivojlanishi)uchun xizmat qiladigan
    tadbirlarni tashkil etadi;
  • universitetda jamoatchilik nazoratini olib borish yo’nalishlarini belgilaydi hamda uning ijrosi bo’yicha
    har chorakda universitet Kengashida ma’lumot beradi;
  • oliy ta’limdan (bakalavriatdan) keyingi ta’lim tizimining (magistraturaning) samaradorligini tanqidiy
    o’rganadi va tahlil qiladi hamda takliflar kiritadi;
  • faxriylar kengashi bilan hamkorlikda uzoq yillar mehnat qilgan va hozirda nafaqada bo’lgan
    professor-o’qituvchilar va boshqa xodimlarning ahvolidan, yashash sharoitlaridan xabardor bo’lish, lozim
    bo’lganda moddiy yordam berish kabi ishlarning amalga oshirilishida hamkorlik qiladi;
  • universitetda muammoli masalalar yechimini topishda o’z vakolatlari doirasida ko’maklashadi;
  • universitet Kasaba uyushmasining boshlang’ich tashkiloti yig’ilishlarida ishtirok etish uchun o’z
    a’zolaridan vakil tayinlaydi;
  • universitet rahbariyati kengashiga tartibsiz, ichki tartib-qoidalar va axloq-odob normalariga rioya
    etmagan talabalar va xodimlarga (rahbar xodimlarga) nisbatan tegishli chora qo’llash bo’yicha taklifini
    kiritadi;
  • talabalarning hatti-harakati, o’zini tutishi, o’qishi, universitetdagi faoliyati yuzasidan ularning
    ota-onalarini xabardor qiladi;
  • korrupsiya va boshqa shu kabi illatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarda faol ishtirok
    etadi, takliflar kiritadi;
  • kafedralar, fakultetlarning yillik hisobotlarini rektorat tomonidan ko’rib chiqishda jamoatchilik
    nazoratini amalga oshiradi

KENGASH TARKIBI

Hozirgi kunda universitet Jamoatchilik kengashi tarkibi 41 nafar a’zodan iborat