Skip to main content

Murojaatlar

+(99872) 226 68 10

Ayolni qadrlagan yurtda qadr topgan-qadrdonim.

(Raya opa Nurqulova) Ayolni e’zozlash unga ehtirom ko’rsatish Sharqqa jumladan o’zbek xalqiga xos bo’lgan oliyjanob odatlardandir. Chunki ayol bor ekan jamiyat bor, jamiyatni rivojlanishi va gullab yashnashiga imkoniyat bor. Shuning uchun ham O’zbekistonda muhtaram yurtboshimiz tomonidan chiqarilgan ayolni e’zozlash borasida juda ko’plab tarixiy farmon va qonunlar hayotga tadbiq etilmoqda. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan fan, ta’lim sohasiga, ayniqsa, oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishida o’qituvchi va murabbiylar faoliyatini yaxshilash, bunga kerakli shart-sharoitlarni hozirlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgan ayni paytda umrini yoshlarga ilm, bilim va tarbiya berishga bag’ishlagan, mehribon ustoz, o’z kasbining fidoyisi, tarix fanlari nomzodi, dotsent Nurqulova Raya Hoji onamizning hayot va mehnat faoliyatiga bir nazar solsak… Kamtarin inson, tarix fanining bilimdoni, olima, O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi Nurqulova Raya Ro’ziyevna 1939-yil,27-avgustda Qashqadaryo (o’sha davrda Buxoro) viloyati, Koson tumani xizmatchi oilasida tavallud topgan. Otasi Nurqulov Ro’zi Qashqadaryo viloyatining ko’pgina tumanlarida rahbarlik lavozimlarida ishlaganlar. Onasi Yo’ldoshova Oyro’zi uzoq yillar o’qituvchi lavozimida ishlaganlar. Bularning oilasida ikki qiz farzand voyaga yetgan. Raya Nurqulovaning singlisi Nurqulova Klara oliy toifadagi shifokor. Raya opa Nurqulova 1947-yili Qarshi shahridagi 3-sonli maktabning 1-sinfiga o’qishga boradi. 1957-yilda Koson tumanidagi  Kirov nomli 1-sonli o’rta maktabning  10-sinfini a’lo baholar bilan tamomlagan. Shu yili Qarshi shahridagi Pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga o’qishga kiradi. 1962-yilda Institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi. Institutni tamomlagan iqtidorli talabani ishonch bilan institut rahbariyati tarix-filologiya fakultetining  “Umumiy tarix” kafedrasiya ishga taklif qiladi. Raya opa institutda ishlash bilan bir qatorda institut va fakultetning jamoat ishlarida faol ishtirok etadi. Chunki qahramonimiz yoshligidan boshlab o’qituvchilik kasbini juda yaxshi ko’rar edi. Balki bu kasbga bo’lgan mehr onasidan o’tgandir. Uyda onasining har kuni darsga puxta tayyorlanishi, maktabda o’tadigan darslari haqida oila davrasida bahs-munozara qilishi, bilimga chanqoq o’quvchilari haqida gapirishlari, doimo maktabga oshiqib ketishlariga havas bilan qarar, o’qituvchilik kasbiga kundan-kun qiziqar edi. Otalari esa, juda ko’p kitob o’qir, qizlariga ham kitob o’qishni tavsiya qilar, topshirgan kitoblari haqida erinmay bahs-munozara qilar edi. U kishi qishloq ho’jaligi sohasida bir nechta oliygohlarni tamomlab, rahbar lavozimlarida uzoq yillar ishlaganlar. “Har qanday ishga ma’suliyat bilan yondashishni otamdan o’rganganman”, –  deydi qahramonimiz so’zida. Farzandlarini komil inson qilib tarbiyalash bugungi mustaqil O’zbekistonimiz siyosatining dolzarb vazifalaridan biridir.   Raya Nurqulova 1965-1968-yillarda O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining  tarix institutida aspiranturada o’qidi. Ilmiy rahbari akademik, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, tarix fanlari doktori, professor R.H.Alimova o’zbek ayollaridan birinchi bo’lib tarix fani doktori bo’lib, professor darajasiga erishgan. Ayni davrda shogirdlariga o’ta talabchan ustoz, onalarcha g’amxo’r, mehribon bo’lganlar. “Samimiy va kamtar, talabchan va mehribon ustozim Rahimaxon Hodiyevnaning porloq xotirasi barhayot, hamisha  qalbimda , doimo men bilan birga, muhrlanib qolgan.(Oxiratlari obod bo’lsin)” – deydi,  Raya opa to’lqinlanib, ustozi haqida so’raganimizda. Shuningdek, Raya Nurqulova Qarshi davlat pedagogika institutida dars o’tgan bir qancha ustozlari: Yadixonova T.S.,O’rinov T.O’., Rasulov A.R., Abdullayev Q.A. va boshqalarga ham doimo duoda ekanligini ta’kidladi. Institutda ishlab yurgan davridagi bir qator hamkasblarini faxr va ifrixor bilan tilga oldi. Ulardan ko’p narsa o’rganganligini ta’kidladi. Raya Nurqulova 1973-yil, 28-iyun kuni “Ikkinchi jahon urushi yillarida ziyolilarning qishloq xo’jaligini rivojlantirishga qo’shgan hissasi” mavzusidagi nomzodlik dessertatsiyasini muvaffaqiyatli  himoya  qildi. Nurqulova Raya Ro’ziyevna 1975-yildan hozirgi kunga qadar hayoti va mehnat faoliyatini Jizzax davlat pedagogika instituti  bilan bog’lagan. Shu muddatlar mobaynida ishlab, ming-minglab yosh pedagogik kadrlarni tayyorlashda o’zlarining munosib hissalarini qo’shganlar. Institutda ko’plab hamkasblarning hurmatiga sazavor bo’lganlar. Raya opa Nurqulova ulkan hayotiy tajribalari, ilmiy salohiyati, keng dunyoqarashi bilan, nafaqat institutda, balki Jizzax viloyatida ham o’zlariga hos obru-e’tibor qozonganlar. Ustoz o’zlarining yoshlarga bo’lgan g’amxo’rliklari, ilm-fanga e’tibori, shaxsiy va oilaviy ibrati doimo ijobiy fikrlashi bilan institut  talabalarining tarix fanini o’rganishlarida, bo’lajak o’qituvchilarning pedagog sifatida shakllanib borishlarida munosib hissalarini qo’shib kelmoqdalar. Shuningdek, mamlakatimizda pedagogika sohasiga kirib kelayotgan yangiliklarni, zamonaviy axborot texnolagiyalarini ilg’orlar qatorida amaliyotga tadbiq qiladilar. Bu borada hamkasblariga, shogirdlariga o’rnak bo’ladilar. Shu bilan bir qatorda Institut xotin – qizlar kengashi tomonidan muntazam ravishda o’tkazilib kelinayotgan “Mustaqil hayotga tayyormisan – qizgina”, “Sepli qiz bo’lguncha- epli qiz bo’l!”, “Bugungi talaba- ertangi ona!”, “Sog’lom ona-sog’lom farzand!”, “Oila-muqaddas dargoh!” kabi davra suhbatlari hamda tadbirlarda qatnashib, o’zlarining hayotiy tajribalari, qaynona – kelin munosabatlari, tikish-bichish sirlari, oilada bola tarbiyasi, qaynona va qaynotaga bo’lgan hurmat, boshqa oila a’zolarinig o’ziga xos o’rni va hurmati haqida pand-nasihatlari bilan doimo talaba-qizlarga o’z fikr va mulohazalari, onalarcha maslahatlarini beradilar. 1977-yil, avgust oyi. Jizzax davlat pedagogika  instituti (Hozirgi san’at  kolleji) binosi hovlisi oliy ma’lumotli mutaxassis bo’lishga ishtiyoqmand bo’lgan yoshlar bilan gavjum. Men Samarqand  davlat  Universiteti, o’zbek filologiyasi fakultetini tamomlab, yo’llanma asosida ishga o’tish maqsadida kelganman. O’sha davrlarda institutda o’zbek tili va adabiyoti , matematika, boshlang’ich ta’lim fakultetlari, bir-ikkitagina kafedralar mavjud edi. Institutda professor – o’qituvchilar orasida ,  R. Nurqulova,  Z. Hamdamova,  D. Soatova,  Z. Xo’jayeva hamda kutubxona mudirasi S.Aliqulova  va boshqa ayollar bilan tanishganman. Ular menga institutning  tartib – qoidalari, dars o’tish metodlari, kiyinish, yurish-turish , muomala madaniyati haqida o’z fikr va mulohazlalarini bildirar edilar. Shu kunlardan boshlab men Raya opa Nurqulova bilan turli masalalarda fikrlashib, u kishidan o’rganib opa –singilgek qadrdon, garchi o’qitmagan bo’lsalarda maslahatgo’y ustozimday qadrlayman. Raya opa Nurqulova 1962-yilda Qarshi davlat pedagogika institutida ishlab yurgan paytlarida institutga Samarqand va Toshkent shaharlaridan yosh o’qituvchilar ishga jalb qilindi. Ular orasida SamDUning filalogiya fakultetini tugatgan  Nosirov O’.N ham bor edilar. Ular birgalikga tarix-filalogiya fakultetida ishlab yurishdi. Taqdir yo’llarini birlashtirib 1968-yilda turmush qurishdi. U Nosirov 1968-yilda Professor  U.Tursunov rahbarligida nomzodlik dessertatsiyasini himoya qildi. U 1975-yildan boshlab dotsentlik lavozimida, 1990-yildan e’tiboran professorlik lavozimida Jizzax davlat Pedagogika institutida fakultet dekani , partiya tashkiloti kotibi, keyinchalik viloyat ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i  lavozimida umrining oxirigacha ishladi. Nurqulova Raya opa turmush o’rtog’i  taniqli olim, professor Nosirov O’.N. bilan birga 50 yil baxtli hayot kechirib, olti nafar farzandlarning ota-onasi bo’lishdi. 4 nafar o’g’il, 2 nafar qiz farzandlarni voyaga yetkazib, barchalarini oliy ma’lumotli qilib, el koriga yaraydigan, tanlagan kasbining fidoyisi etib tayyorlashdi. Hozirda ular yurt ravnaqiga hissa qo’shib , turli jabhalarda  faoliyat yuritib kelmoqdalar. 25 nafar nabira, 12nafar chevaralari ham yutimizda turli nufuzli OTMlarida tahsil olmoqda. Raya opa Nurqulovaning ko’p yillik mehnat faoliyati yuksak baholanib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil, 6-martdagi farmoniga asosan “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi  ” faxriy unvoniga sazavor bo’ldi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Jizzax viloyat, shahar hokimliklari, institut, tarix fakulteti  rahbariyati  tomonidan bir necha marta faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. So’zimizning oxirida quyidagi shoir misralarini keltirdik: Siz shunday insonki, bemisli tanho, Asl yuragingiz gardsiz, beg’ubor. Siz baxtli ayolsiz, chunki sizdagi- Samimiy, pok qalbning o’zi betakror. Jizzax davlat pedagogia instiuti Xotin qizlar kengashi raisi Ziyoda Abduvalieva