Skip to main content

Murojaatlar

+(99872) 226 68 10

Jizzax davlat pedagogika universitetining birinchi rektori haqida

Bozorboy O‘rinboyev 1936-yil 3-iyunda Samarqand viloyati Jomboy tumanining G‘azira qishlog‘ida tug‘ildi.U dastlab yetti yillik ma’lumotni G‘azira qishlog‘idagi maktabda olib, 1950-yilda maktabni tugatdi, so‘ngra 1954- yilgacha Samarqand pedagogika bilim yurtida o‘qib bilim oldi.

Aqlini tanibdiki, B.O‘rinboyev o‘qituvchilik kasbiga mehr qo‘ydi, shu sababli ham u pedagogika bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tugatdi. O‘zbek tili va adabiyotiga bo‘lgan havas uni Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida ilm sirlarini o‘rganishni davom ettirishga yetakladi. Bozorboy O‘rinboyevning ilmiy tadqiqot ishlarga qiziqishi talabalik paytlaridayoq shakllana bordi va u universitetda yirik tilshunos, adabiyotshunos olimlar U.Tursunov, V.Abdullayev, A.Sulaymonov, H.Berdiyorov, H.Doniyorov, O.Ikromov kabi ustozlardan bilim sirlarini mukammal o‘rgandi hamda ular bilan yaqin aloqada bo‘ldi. Talabalik yillari davomida u so‘z olamining sehri nimadaligini bilish ishtiyoqi bilan yashadi.

1959-yili universitetni tugatgach, jonajon diyoriga qaytib keldi. Chunki bir insoniy mas’uliyat unga tinchlik bermasdi: u o‘z eli Jomboy qarzidan oz bo‘lsa-da qutilishi lozim edi. 1959-1961-yillari 28-maktabda, so‘ngra 2-o‘rta maktabda dastlab o‘zbek tili va adabiyoti muallimi, keyin ilmiy bo‘lim mudiri va nihoyat maktab direktori vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi.

Yigirma to‘rt yashar yigitning ikki yil deganda ilmiy bo‘lim mudiri, maktab direktori lavozimlariga ko‘tarilishi o‘ziga xos qobiliyat, qolaversa, jasorat nishonasi edi. Bu jasorat uni sevimli universitetiga –aspiranturaga boshladi. Aspiranturani o‘z muddatida (1961-1964) tamomlab, 1964-yil 18- sentyabrda “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida vokativ kategoriya” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Zero, olim o‘z kelajagini faqat ilmda ko‘ra olgan edi. Ilm yo‘lidan borish orzusi bilan 1965-1967 yillar Qarshi davlat universitetida dotsent, Samarqand davlat pedagogika institutida dotsent, kafedra mudiri, o‘quv va ilmiy ishlar prorektori, rektori (1967-1974) bo‘lib ishladi.

1974- yilda Jizzax viloyatining tashkil etilishi bilan Jizzax davlat pedagogika institut ochildi. O‘rinboyev Bozorboy O‘rinboyevich  institutning tashkilotchisi va birinchi rektori sifatida ish boshladi. Isntitut dastlab ochilgan paytda o‘zbek tili va adabiyoti hamda matematika fakultetlarining kafedralari bilan faoliyat boshlagan bo‘lsa, ayni kunda 10 dan ortiq fakultetlar 30 dan ziyod kafedralarning borligi quvonarli holatdir.

1992-yil oxirida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi o‘quv-uslubiy markaz direktori o‘rinbosarligiga o‘tkazildi. 1993-yil yanvarida Samarqandga qaytib kooperativ institutida tillar kafedrasi mudiri sifatida mehnat qildi. 1995-yil fevral oyidan boshlab Samarqand davlat chet tillar institutining umumiy va amaliy tilshunoslik kafedrasiga rahbarlik qildi. 1997-yil iyun oyidan boshlab Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti matnshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi boshlig‘i, 1999-yil 11-sentyabrdan SamDU ilmiy kutubxonasining bosh direktori, 2000-yil oktyabr oyidan boshlab universitet o‘zbek tilshunosligi kafedrasining professori bo‘lib ishladi. B.O‘rinboyevning ko‘p yillik samarali ilmiy va pedagogik faoliyati hukumatimiz va xalqimiz tomonidan yuqori baholandi. U “Shavkatli mehnati uchun”, “Mehnat faxriysi” medallari, “O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi”, “Mustaqillik” nishonlari, O‘zbekiston Respublikasining faxriy yorliqlari, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida “Xizmat ko‘rsatgan professor” unvoni bilan taqdirlangan. Fan so‘qmoqdaridan yurmoq hamma davrlarda ham kishidan shijoatli bo‘lishni, dadillik va irodalilikni, istiqbolga og‘ishmay intilishni talab etgan. Ana shu xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan kishigina fanning nurafshon cho‘qqisiga tirmashib chiqishi, undan bahra olishi hamda boshqalarni bahramand qilishi mumkin. 1964-yil B.O‘rinboyev filologiya fanlari nomzodligi uchun dissertatsiya himoya qildi. O‘zbek so‘zlashuv nutqiga xos boy lisoniy qatlam doirasiga kiruvchi vokativ kategoriya sohasidagi izlanishlari uni faqat diplom bilan siylab qo‘ymadi. Bu izlanishlar Bozorboy O‘rinboyev uchun katta ilmda kichik daricha bo‘ldi. U bu darichadan “Hozirgi zamon o‘zbek tilida vokativ so‘zlarning ba’zi bir xususiyatlari” (1963), “Vokativ gaplar haqida ba’zi mulohazalar” (1964), “Hozirgi zamon o‘zbek tilida undosh gaplar”, “Hozirgi zamon o‘zbek tilidagi murojaat so‘zlari haqida” (1967), “Vokativ gaplarning tarixiy taraqqiyoti va ularning ma’nolari” (1969), “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida murojaat so‘zlari” (1971) kabi ilmiy maqolalar, “Hozirgi o‘zbek tilida vokativ kategoriya” (1972) nomli monografiya bilan o‘tdi. Ana shu kichik darichadan o‘tib katta ilmga qadam qo‘ygan olim o‘zbek so‘zlashuv nutqi sirlarini keng ko‘lamda ochishga intildi.

Nutqning har bir birligi butun bir tizimning tarkibiy qismi sifatida tilning boshqa birliklari bilan turli xil munosabatga kirishadi, shu asosda kishilar uchun o‘zaro fikr almashish, aloqa uchun imkoniyat yaratadi. Bu narsa til amaliyoti sanaladi. B.O‘rinboyevning qiziqishlari o‘zbek tilshunosligining avval qo‘l urilmagan, til amaliyoti nutqiy amaliyoti bilan bog‘liq bo‘lgan so‘zlashuv nutqi, stilistika, nutq madaniyati masalalariga qaratilgan. Olimning nazarida, so‘zlashuv nutqi har bir mukammal tilning poydevori hisoblanib, u hech bir grammatik qoidalarga sig‘maydi. Ya’ni so‘zlashuv nutqi grammatikani boshqaradi, u esa tilning barcha imkoniyatlarini ishga soladi, namoyish etadi. U so‘zlashuv nutqiga xos bunday sirli nuqtalarni o‘sha vokativ kategoriya doirasidayoq ilmiy his qilgan. Uning nazarida, bu kategoriya ham so‘zlashuv nutqining eng harakatchan qatlami edi: birgina “ona” so‘zi nutqiy sharoit taqozasi bilan onajon, onaxon, onajonim, onajonginam, onaginam, onam, mehribonim, duogo‘yim, oyi, aya, hu-u oyi deyman, hoy oyi kabi qanchadan-qancha emotsional jilolanishlarni boshidan kechirishi va ular grammatika qamroviga sig‘masligini kuzatgan edi. Ana shular unga o‘n yillar tinchlik bermadi va nihoyat  B.O‘rinboyev 1976-yilda “O‘zbek so‘zlashuv nutqi sintaksisi masalalari” mavzusida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildi. So‘zlashuv nutqi masalasini qay darajada o‘rganganligini bilish uchun olimning bu sohada yozgan ilmiy asarlari ro‘yxatini keltirish bilan qanoatlanish mumkin. Mana ulardan ayrimlari: “O‘zbek so‘zlashuv nutqiga umumiy xarakteristika” (1968), “So‘zlashuv nutqi haqida”, “Dialogik replikaning kommunikativ yo‘nalishi” (1971), “So‘zlashuv nutqi muammolari” (1973), “O‘zbek so‘zlashuv nutqining ba’zi masalalari” (1974), “Sintaksicheskiy stroy o‘zbekskoy razgovornoy rechi” (1978), “So‘zlashuv nutqi” (1982), “O‘zbek so‘zlashuv nutqi stilistikasi” (1983), “O‘zbek so‘zlashuv nutqi fonetikasi” (1984), “O‘zbek so‘zlashuv nutqi – o‘ziga xos nutqiy  sistema” (1984), “O‘zbek so‘zlashuv nutqida ellipsis” (1989), “So‘zlashuv nutqida parsellyatsiya” (1990), “O‘zbek so‘zlashuv nutqi leksikasida so‘zlarning stilistik bo‘yog‘i” (1991), “Hozirgi o‘zbek tilining so‘zlashuv uslubi” (1991), “O‘zbek so‘zlashuv nutqida so‘zlar tartibi” (1995), “So‘zlashuv nutqi leksikasi va uning qo‘llanish darajasiga ko‘ra farqlari” (1996), “So‘zlashuv nutqida otlarning grammatik shakllari” (1997), “So‘zlashuv nutqida kelishik qo‘shimchalarining almashinib qo‘llanilishi” (2002) kabilar.

Professor B.O‘rinboyevning so‘zlashuv nutqi masalalari bilan atroflicha shug‘ullanishi uni nutq madaniyati va notiqlik san’ati muammolari sirlari sari yetaklaydi. Uning tasavvurida til madaniyati, notiqlik san’ati tarixiy hodisa, har bir filolog bu bilim sirlaridan xabardor bo‘lmog‘i kerak. Shu sababli ham B.O‘rinboyev muallifligida yaratilgan “Notiqlik san’ati haqida”, “Notiqlik va nutq” (1972), “Nutq va notiqlik san’ati”, “O‘zbek nutqining ba’zi bir masalalari” (1973), “Nutq madaniyati masalasi va uni shakllantirishda maktabning roli” (1990), “Notiqlik mahorati” (1984), “O‘zbek filologiyasidan ma’ruzalar” (1997), “Nutqda qaysi ma’qul: kakofemizmmi, evfemizmmi?” (1995), “Nutq madaniyati ko‘nikmasini shakllantirish omillari” (2002), “Ona tili ta’limi va nutq o‘stirish omillari” (2003) kabi ilmiy maqola, monografiya va qo‘llanmalari uning ilmiy iqtidori naqadar teran ekanligidan dalolat beradi. Nutq madaniyati me’yorini belgilashda dialektlarning ham sezilarli roli bor. Shu sababli ham B.O‘rinboyevning ilmiy izlanishlarida dialektologiya masalalari ilmiy materiallar asosida talqin etilgan. Mazkur masalalarning tahlili olimning quyidagi ilmiy izlanishga oid asarlarida o‘z ifodasini topgan: “Dialektologiya to‘garagi” (1962), “Dialektologiyaga oid tadqiqot” (1973), “So‘zlashuv nutqi va territorial dialektlarning o‘ziga xos xususiyatlari” (1980), “O‘zbek tili turk-kaltatoy shevasining grammatik xususiyatlari” (1985), “O‘zbek so‘zlashuv nutqida o‘zgarmaydigan so‘zlar va ularning xalq shevalari bilan bog‘lab o‘rganish tajribasidan” (1991). Professor B.O‘rinboyevning tilshunoslikdagi ilmiy tadqiqotlari adabiyot bilan bevosita bog‘langan. U hayotni ham, ilmni ham  adabiyotsiz tasavvur eta olmaydi, til kabi adabiyotni ham  inson ma’naviy olamining “guhari sharifi” (A.Navoiy) deb biladi. Shuning uchun u kishi faqat o‘zbek adabiyotini emas, balki chet el adabiyotini o‘rganish va ularning taniqli vakillarini targ‘ib qilish borasida ham barakali mehnat qildi. Ushbu yo‘nalishda B.O‘rinboyevning quyidagi ijod mahsullari chop etilgan: “Rus xalqining buyuk ma’rifatparvari” (1966), “Xalq shoiri” (1972), “Bosh qahramonning o‘zi kim?” (1973), “Talantli shoira” (1975), “Olmos qirrali iste’dod”, “Ijod cho‘qqilari sari”, “Poeziya va fan”, “Adabiyotimizning asosiy g‘oyasi” (1975), “Buyuk qalb sohibi”, “Shoirning buyukligi” (1976), “Nafosat kuychisi”, “Olovli satrlar”, “Qardoshlik kuychisi”, “Erk deganning tilagida yashayman” (1979), “Hayotbaxsh satrlar”, “O‘lsam ayrilmasman quchoqdaringdan” (1979), “Xarakter, ekran, tasvir”, “Teran tuyg‘ular”, “Realist yozuvchi” (1981), “O‘qituvchi – asarlarimiz qahramonlari” (1982), “Serqirra qalam sohibi”, “Shoir bolaligi haqida qissa” (1983), “Burchga sadoqat” (1984), “Yaxshi shoir, yaxshi jurnalist”, (1984), “Xalq hayotining tuyg‘un kuychisi” (1987), “Nurmon shoir va uning “Namoz” asari” (1988), “A.Tvardovskiy ijodi” (1991), “Sharof Rashidov” (1992), “Ahli donishlar sardori” (1997), “Shayx Xudoydodi Vali adabiy merosi” (2001), “Jadid adabiyoti taraqqiyotida Xoji Muinning o‘rni” (2002). B.O‘rinboyevning tilimiz tarixi bilan jiddiy shug‘ullanganligi va 1969-yilda ustozi professor Ulug‘ Toshmuhammedovich Tursunov hamkorligida 270 betlik “O‘zbek adabiy tili tarixi ocherklari” kitobini nashr etganligi bejiz emas. Olimning til tarixiga e’tiqodi bu bilan cheklanmaydi. U  bu masaladagi izlanishlarini yanada chuqurlashtirib, takomillashtirib boradi va “O‘zbek tili leksikasida yuz bergan o‘zgarishlar”, “O‘zbek tili morfologiyasidagi yangiliklar” (1967), “Alisher Navoiy va o‘zbek adabiy tili” (1968), “Alisher Navoiy asarlari tilida leksik va grammatik normalarning belgilanishi” (1971), “Alisher Navoiy va o‘zbek adabiy tili tarixi” (1982), “Navoiy asarlari izohli lug‘ati” (1983), “Navoiy ijodining cho‘qqisi” (1985), “Farhod va Shirin” dostonidagi izohli so‘zlar”, “Alisher Navoiy asarlarida tasviriy vositalar”, “Bobur – tilshunos olim” (1991), “Tarixni o‘rganish -o‘zlikni  anglash” (1992), “O‘zbek adabiy tili tarixi” (1995), “Temuriylar davri me’morchilik atamalari” (1997), “Alisher Navoiy asarlari matnida so‘fizm atamalari” (1999), “To‘nyuquq bitiktoshi” (1999), “Imom Buxoriy saboqlari” (2000), “Qadimgi turkiy bitiklar” (2001), “Mahmud Qoshg‘ariy: bibliografik ko‘rsatkich” (2002), “Boburnoma” tilida jug‘rofiy atamalar” (2003) kabilar ilmiy maqolalari uning ilmiy-ijodiy mehnatlari samarasi va zukko olimimizning tilimiz tarixiga ta’zimidir. B.O‘rinboyevning ishlarida O‘zbekistondagi ma’rifatparvarlik fikrlar tarixiga, o‘rta maktab va o‘quv yurtlarida vatanparvarlik va baynalmilal tarbiya masalalariga, ilg‘or pedagogik tajriba masalalarga ham katta e’tibor qaratilgan. Ana shunday masalalar mazmuni va natijalari olimning quyidagi ishlarida o‘z ifodasini topgan: “Olim va ustoz” (1965), “Internatsionalizm g‘oyalariga sadoqat” (1971), “Ijodkor yoshlarni tarbiyalab yetishtiraylik” (1973), “Pedagoglik sharafi” (1974), “Chuqur bilim bering” (1977), “Kamolot”, “O‘tmishdan lavha”, “Yoshlarni go‘zallik asosida tarbiyalaylik” (1978), “Jizzaxning to‘ng‘ich maktabi”, “Orzuning ushalishi” (1980), “Halol mehnat baxt keltirar” (1981), “Asrga tengdosh maktab” (1983), “Boshlang‘ich ta’lim –bilimlar asosi” (1985), “Ma’naviy – taraqqiyot asosi” (1991) kabilar shular jumlasidandir. Olim ta’lim maskanlarini bir guliston sifatida e’tirof etib, “baxtni sevgan el bilan jondosh bo‘lib” to‘g‘ri yo‘l tutgan. Bu yo‘l uning ta’limimiz jonkuyari sifatida qalam tebratishda qalbiga quvvat bo‘ladi. Natijada B.O‘rinboyev tomonidan ta’lim-tarbiya ravnaqi yo‘lida bitilgan qator ilmiy-metodik maqolalar, tavsiyalar, dastur, o‘quv qo‘llanma va darsliklar o‘sha jondosh el dardiga hozirgi kungacha ham malham bo‘lib kelmoqda. Mana ulardan ayrimlari: “Alisher Navoiy va o‘zbek adabiy tili tarixi” (1968), “Maktabda ona tili yetakchi predmet” (1971), “Notiqlik san’ati asoslari programmam”) (1975), “O‘zbek adabiy tili tarixi” (1982), “Notiqlik mahorati”, “Ilmiy-tadqiqot ishlari asoslari kursidan metodik qo‘llanma” (1984), “Badiiy tekstning lingvistik analizi kursidan metodik tavsiyalar”, “Turkiy filologiyaga kirish” (1989-2002), “Badiiy tekstning lingvistik tahlili”, “Hozirgi o‘zbek tili sintaksisidan ma’ruzalar” (Qo‘shma gaplar)”, “Umumiy tilshunoslik kursidan dastur”, “O‘zbek tili davlat imtihoni dasturi” (1971), “O‘zbek tili va adabiyotidan dastur” (1992), “O‘zbek tilini o‘rganamiz” (1993), “Alifbo” (1994), “O‘zbek adabiy tili tarixi”, “Sovg‘a”, “Tilshunoslik tarixi” (1995), “O‘zbek-lotin alifbosini o‘rganamiz” (1998), “O‘zbek tilshunosligi tarixi” (1999), “Hozirgi o‘zbek adabiy tili sintaksisi” (2001), “Umumiy tilshunoslik” (2002), “O‘zbek tilining struktural grammatikasi” (2002), “O‘zbek tili”, “Hozirgi o‘zbek tilida sintaktik munosabatlar”, “Tilshunoslik nazariyasi” (2003.), “O‘zbek tili” (2004). Bu keltirilgan ishlar zahmatkash olimni haqiqiy muallim, muallimlar muallimi deb hukm chiqarishimizga asos bo‘la oladi. B.O‘rinboyev muvaffaqiyatlarining kaliti uning ustozlaridan, hayotdan qanday ta’lim olganligiga, nimani qanday o‘rganganligi-yu, qanday tatbiq etganligidadir. Kamtarin, iste’dodli olim quyidagi mehnat mahsullari bilan ustozlariga ta’zim qiladi hamda qisman bo‘lsa-da jamiyat oldidagi qarzlaridan qutulganday bo‘ladi. Ular quyidagi asarlaridir: “Kamtarin ustoz” (1965), “Olim xazinasi” (1975), “Tilshunosligimiz jonkuyari” (1980), “Tilshunos olim” (1980), “Taniqli turkolog -o‘zbekshunos olim” (1982), “Ulug‘ Toshmuhammedovich Tursunov” (1985), “Olimi zahmatkash”, “O‘n uch qaldirg‘ochdan biri” (1995), “Uch alloma –uch zabardast ustoz” (1999), “Ulug‘ Tursunov va SamDU tilshunoslik maktabi” (2001), “Ahli donishlar sardori” (2002), “Adabiyot tarixining uzilgan zanjirini bog‘lashga uringan olim” (2002), “Tasviriy vositalar talqini” (2003), “Ulug‘ Tursun va Samarqand tilshunoslik maktabi” (2004) shular jumlasidandir. Professor B.O‘rinboyev o‘z faoliyati davrida so‘zlar etimologiyasi bilan qiziqib, ular asosida bir necha maqolalar va lug‘atlar nashr etdi. “Jizzax viloyati toponimlari” (1992), “Badiiy matnlarda joy nomlari va ularning tipologik tahlili” (1996), “Samarqand viloyat toponimlarining izohi” (1997), “Nomlardagi qirq qanday so‘z” (1998), “Toponimlar izohi orqali o‘quvchilar ijodiy tafakkurini o‘stirish” (2001), “Joy nomlarining Boburona talqini” (2002), “Asrlardek barhayot nomlar” (2003), “Maktab toponimik lug‘ati” (2004). Mustaqillik sharofati bilan diniy adabiyotlarni o‘rganishga keng yo‘l ochildi. Professor B.O‘rinboyev so‘fizm atamalari bilan ham qiziqib bir necha asarlar yozadi: “So‘fizm atamalari lug‘ati” (1998), “So‘fizm  i arxitekturnaya terminologiya v tyurkskix yazikax” (1999), “Badiiy matnda tasavvuf atamalari va ularni to‘g‘ri sharhlashga o‘rgatish” (1999), “Komillik istilohlari” (2002) kabilar. Matn, matnshunoslik va matnning filologik tahlili masalalari ham  B.O‘rinboyevning diqqat markazida bo‘ldi va u bu mavzuga bag‘ishlab quyidagi ishlarini e’lon qilgan: “Badiiy tekstning lingvistik analizi kursidan programma” (1985), “Badiiy tekstning lingvistik analizi kursidan metodik tavsiyalar” (1989), “Badiiy tekstda so‘zlashuv nutqi leksikasining qo‘llanishi” (1989), “Badiiy matnda joy nomlari va ularning tipologik tahlili” (1996), “Matn va filologik tahlil” (1998), “Matnshunoslikning dolzarb muammolari” (1999), “Matn va uning lisoniy tahliliga oid tadqiqotlar” (1999), “Matn tahlilida umumiylik va xususiylikni o‘rgatish” (2000), “Matn pragmatik talqinining mohir tadqiqotchisi” (2002) kabilar. Yuqorida qayd etib o‘tilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Bozorboy O‘rinboyevning ilmiy tadqiqot doirasi keng, tekshirish obyekti xilma-xil bo‘lgan. Bozorboy O‘rinboyev ilmiy-metodik faoliyatida muharrirlik katta o‘rin tutadi. Shuningdek, u Qarshi, Samarqand va Jizzax davlat pedagogika institutlarida 60 dan ortiq ilmiy to‘plam, monografiya, darslik va qo‘llanmalarga muharrirlik qilgan. Olim ilmiy faoliyatining katta qismini tilshunoslik sohasida ilmiy kadrlar tayyorlashdek faxrli ishga ham bag‘ishladi. Respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida ishlagan Mardonqul Tursunpo‘latov, Mamatqul Mamayusupov, Hamidulla Usmonov, Sobir Usmonovlar hamda hozirgi kunda ham faoliyat yuritayotgan Abduvali Musayev, Keldibek Bozorboyev, Abdurayim Turobov, Mahmud Boboyorov kabi fan nomzodlari, Usmon Sanaqulov kabi fan doktori o‘zlarining fan nomzodi hamda doktorlik dissertatsiyalarini B.O‘rinboyev rahbarligida himoya qilganlar. Olimning yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashdagi faoliyati bu bilan chegaralanmaydi. U tez-tez dissertatsiyalar bo‘yicha rasmiy hakamlikka taklif etiladi, B.O‘rinboyev shu kunga qadar tilshunoslik nazariyasi va tarixi muammolari bo‘yicha himoya qilingan 12 ta doktorlik, 14 nomzodlik dissertatsiyalariga rasmiy hakam (opponent) bo‘lgan. U 120 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalar avtoreferatlariga o‘z taqrizlarini taqdim etgan. Professor Bozorboy O‘rinboyev 19 yil davomida S.Ayniy nomidagi Samarqand davlat pedagogika instituti (1971-1974), A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti (1974-1986, 1990-1992) rektori sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Uning ilmiy pedagogik faoliyati davlatimiz va hukumatimizning xalq maorifi va filologiya fani taraqqiyotiga qaratilgan qaror hamda ko‘rsatmalarini turmushga tatbiq etishda tashviqotchisi sifatida xizmat qildi. Olim umri davomida o‘zining asosiy ishini jamoat ishlari bilan mustahkam bog‘langan holda olib bordi. U O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Respublika O‘quv-metodika markazi ona tili va eski o‘zbek yozuvi bo‘yicha ilmiy-metodik kengashi, O‘zbek tili doimiy anjumani hay’ati, O‘zbekiston FA tilshunoslik va adabiyotshunoslik instituti Samarqand bo‘limi qoshidagi “Milliy tillar taraqqiyoti qonuniyatlarini muvofiqlashtiruvchi” ilmiy muammo kengashining a’zosi sifatida bevosita qatnashgan. Professor B.O‘rinboyev O‘zbekiston FA Tilshunoslik instituti huzuridagi tilshunoslik bo‘yicha ilmiy darajalar berish ilmiy kengashining a’zosi hamda Samaraqand davlat universiteti qoshidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilishga ixtisoslashgan kengash a’zosi sifatida 1982-2014 yillarda faoliyat ko‘rsatgan. B.O‘rinboyev Samarqand shahar kengashi deputati, shahar partiya qo‘mitasining a’zosi (1972-1975), Jizzax shahar kengashining deputati, shahar partiya qo‘mitasining a’zosi (1975-1986, 1990-1993), Jizzax viloyat partiya qo‘mitasining a’zosi (1976-1986), byuro a’zosi (1990-1993), viloyat kengashi deputati (1990-1993), Jizzax viloyat xalq nazorati qo‘mitasi a’zosi (1980-1986), Jizzax shahar ijroiya qo‘mitasining a’zosi va yoshlar bilan ishlash hamda kuzatuv komissiyasining raisi (1976-1986) sifatida bu kengashlar ishining samarali bo‘lishini ta’minlashga katta hissa qo‘shgan. Professor B.O‘rinboyevning ilmiy, ilmiy-ommabop va publitsistik ishlari 684 ta, muharrirlik faoliyati 51 ta, uning rahbarligida himoya qilingan dissertatsiyalar 9 ta, magistrlik dissertatsiyalari 15 ta, opponentligida himoya qilingan (filologiya fanlari nomzodi va filologiya fanlari doktori darajasini olish uchun yozilgan) dissertatsiyalar soni 23 ta, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga yozgan taqrizlari soni 167 ta, jami qilingan ishlari soni 947 tani tashqil qiladi. Bundan tashqari, B.O‘rinboyev hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan adabiyotlar va maqolalar soni 113 tani tashkil etadi. Ustoz va murabbiy professor Bozorboy O‘rinboyev butun hayoti davomida Respublikamizda oliy ta’limi ravnaqiga, yetuk filolog kadrlar tayyorlash ishiga, tilshunoslik ilmining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan.   Filologiya fanlari nomzodi, dotsent A.Musayev