Yangiliklar
Yangiliklar
|
08/03/2026
Chop etish
Muhtarama va mo‘tabar ayollar, qadrli ustozlar, aziz talaba qizlar!

Sizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi va rahbarlik lavozimlarida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Xususan, magistratura bosqichida tahsil olayotgan qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan qoplab berilishi, oliy ta’limga kirishda berilayotgan imtiyozlar, bu boradagi amaliy g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.

Bugun universitetimiz jamoasida 590 nafarga yaqin xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Ularning 286 nafari professor-o‘qituvchilar bo‘lib, 10 nafar fan doktori va 114 nafar PhD ilmiy darajasiga ega ayol olimalarimiz bor. Qisqa vaqtda universitetimiz ilmiy salohiyati 33 foizdan 50 foizga yetdi. Bu muhim natijada ayol professor-o‘qituvchilarimizning hissasi beqiyos ekanini alohida ta’kidlash joiz.

Bayram arafasida yana bir quvonchli xabarni mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Universitetimiz talabasi Visola Tursunova adabiyot yo‘nalishidagi ijodiy yutuqlari uchun yurtimizdagi nufuzli mukofot – Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu yutuq barcha talaba qizlarimiz uchun katta ilhom va rag‘bat manbai bo‘ladi.

Joriy yilda universitetimizdan 13 nafar talaba nomdor davlat stipendiyalari sovrindori bo‘ldi. Quvonarlisi, ularning 11 nafari talaba qizlarimizdir.

Sport maydonlarida ham qizlarimiz faol va g‘oliblikka intiladi. “Ziyokor” basketbol va voleybol jamoalari, “Besh tashabbus olimpiadasi” g‘oliblari stritbolchi qizlarimiz universitetimiz sha’nini munosib himoya qilmoqda.

Muhtaram ayollar, aziz talaba qizlar!

Sizlarning mehringiz, sabr-matonatingiz va zakovatingiz universitetimiz nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda. Yurtimiz ravnaqi va universitetimiz taraqqiyoti yo‘lidagi sharafli faoliyatingiz  bardavom bo‘lsin.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori
Yuldashev Maqsudjan Abdullayevich


Ulashish:
1 768
Boshqa rubrikalarda mashhur

JDPU o‘qituvchilari xorijiy universitetlarda malaka oshirmoqda
Bugun Jizzax davlat pedagogika universitetida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish va ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
JDPUda texnikum bitiruvchilari uchun suhbat asosidagi imtihonlar davom etmoqda
Jizzax davlat pedagogika universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni suhbat asosida o‘qishga qabul qilish imtihonlari bugun ikkinchi kun davom etmoqda.
Texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida o‘qishga qabul qilish imtihonlari boshlandi
2026/2027-o‘quv yili uchun texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni suhbat asosida Jizzax davlat pedagogika universitetiga o‘qishga qabul qilish jarayonlari boshlandi.